“Halol” standarti talablari nimalardan iborat, qanday mahsulot ushbu standartga mos keladi?

Bosh sahifa / Xabarlar / “Halol” standarti talablari nimalardan iborat, qanday mahsulot ushbu standartga mos keladi?

        “O'zstandart” agentligi Samarqand standartlash va metrologiya boshqarmasi tomonidan “Turizm sohasida umumovqatlanish shaxobchalari faoliyatini tashkil etishda “Halol” standartlarining o'rni” mavzusida seminar bo'lib o'tdi. Unda chiqish qilgan mutasaddi idoralar vakillari turistik tashkilotlar xodimlarini mamlakatimizda “Halol” standartlarini joriy etish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va ushbu standartlarning talablari bilan tanishtirdilar.

      Seminarda “O'zstandart” agentligi Samarqand standartlash va metrologiya boshqarmasi boshlig'i Mamasodiq Saidov, “O'zbek-turk test markazi” MChJ qo'shma korxonasi direktori Muzaffar Hamzaev, Samarqand sinov va sertifikatlashtirish markazi bo'lim boshlig'i Farida Shakirova, O'zbekiston musulmonlar idorasi Samarqand viloyat bosh imom xatibi o'rinbosari Yoqubjon Mansurov ma'ruza qilishdi.

       “Halol” standartlari Islom davlatlari standartlashtirish va metrologiya instituti tomonidan 2011 yildan joriy etila boshlangan edi. O'zbekistonda ushbu standart 2018 yilning fevralidan joriy etildi. “Halol” standartlarining asosiy manbai Qur'oni karim va Payg'arimiz (s.a.v) hadislari hisoblanadi. Muqaddas kitobimizning “Baqara” surasining 168-oyatida shunday deyilgan: “Ey odamlar! Yer yuzidagi narsalardan halol-poklarini englar. Va shayton izidan ergashmanglar, chunki u sizlarga ochiq dushmandir”. Mutaxassislarning fikricha, “Halol” standartlarining joriy etilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga o'z bozorlarini kengaytirishga yangi imkoniyatlar yaratadi va ziyorat turizmini rivojlanishi uchun muhim omil bo'lib xizmat qiladi. Hisob-kitoblarga ko'ra, bugungi kunda “Halol turizm” dunyoda jadal rivojlanib bormoqda va uning hajmi 2017 yilda 126 mlrd dollarni tashkil etgan bo'lsa, 2020 yilga borib, kamida uch barobarga ortishi va 378 mlrd dollarga etishi kutilmoqda. “Halol” standartlari talablari asosida sertifikatlashtirish Turkiya davlatining Turk standartlari instituti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Sertifikatlangan mahsulot halol sertifikatlangan mahsulotlar yagona reestriga kiritiladi hamda “Halol” muvofiqlik belgisidan foydalanish huquqiga ega bo'ladi.

     “Halol” sertifikatlashtirish deganda nimalar tushuniladi? Xomashyolar, qo'shimchalar, ziravorlar, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ishlab chiqarish ob'ektlari (sexlar), ishlab chiqarish vositalari (jihozlar), biznesni boshqarish va ko'rsatilayotgan xizmatlarni “Halol” standarti talablariga muvofiqligini uchinchi taraf (betaraf) tomonidan tasdiqlashga oid faoliyat “Halol” sertifikatlashtirish hisoblanadi. “Halol” standartlariga mos bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlariga nimalar kiradi, ular qanday tayyorlanadi, ularni sotishda nimalarga e'tibor beriladi kabi ko'plab savollarga javobni “O'zstandart” agentligi tomonidan tayyorlangan maxsus qo'llanmadan bilib olish mumkin. U Turkiyada 2011 yilda tayyorlangan “Halol oziq-ovqat mahsulotlari bo'yicha umumiy qo'llanma” asosida joriy yilning yanvar oyida ishlab chiqilgan.

       Qo'llanmaning avvalida ta'kidlanganidek, tavsiya etilayotgan standartlar Islom tamoyillari va sharoitlariga binoan halol mahsulotlar va oziq-ovqat mahsulotlarini sotish, tayyorlash, qayta ishlash, etkazib berish, tarqatish, saqlash va xizmat ko'rsatish kabi har bir bosqichda rioya qilinishi zarur bo'lgan qoidalarni o'z ichiga oladi. Qo'llanmada iste'mol qilishga ruxsat etilgan oziq-ovqatlar, go'shti halol hisoblangan mol va parrandalar ro'yxati keltirilgan. Mol va boshqa hayvonlarni so'yish qoidalarining o'zi to'rt sahifani o'z ichiga oladi. Shuningdek, qo'llanmada qadoqlash materiallari biror-bir halol bo'lmagan moddadan tayorlanmasligi kerakligi uqtirilgan. Mashinalar, jihozlar, materiallar, ishlab chiqarish liniyalari hamda mahsulotlarni saqlash, taxlash, transportda tashish va xizmat ko'rsatish jarayonida nimalarga e'tibor qaratish lozimligi ham batafsil belgilab berilgan. Mamlakatimizda “Halol” standartlarini joriy etish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng targ'ib qilish ichki va tashqi turizmni, ayniqsa ziyorat turizmini rivojlantirish uchun xizmat qilishi Samarqandda bo'lib o'tgan tadbirda bot-bot takrorlandi.

қўшилган сана: 16-05-2018